Главная » Статьи » Qiziqarli ma'lumotlar » Jinsiy saboq

Turmushimdan charchadim
Shunday ham bo'lib turadi...Ajrashish?
Yo'q, hech qachon ajrashishga shoshilmang, bu haqda hatto o'ylamang ham. Chunki turmushdagi muammolarni bartaraf etish mumkin va kerak, bu faqat sizning qo'lingizda!

Qanday qilib?
Hech bir turmush muammosiz bo'lmaydi. Istaymizmi yo'qmi, lekin har bir juftlikda bir davr boladi-ki, ular bir-biridan yiroqroq bo'lishga intilib qoladilar. Kimdadir bu hissiyot kuchli namoyon bo'lsa, kimdadir(baxtliroq juftliklarda) bu holat bir necha kun davom etadi. Nima bo'lganda ham turmushdan charchagan payt hammada bo'ladi. Bu degani siz baxtsiz emas, siz biroz dangasalik qilyapsiz deganidir. Erkak bo'lsangiz, yaxshi pul topib ishlayotgan bo'lishingiz mumkin, ayol bo'lsangiz, oshxona ishlarini bir maronda olib borayotgan bo'lishingiz mumkin, lekin turmushingizdan charchayapsizmi, demak o'z hayotingiz ustida ishlashga dangasalik qilayotganingiz aniq.

Turmush esa, ayniqsa baxtli turmush tinmay mehnatni talab qiladi. Munosabatlar ustidagi mehnat!
Bir eslang, siz turmushga chiqqaningizda yoki o'ylanayotganingzida qanday edingiz? Turmush o'rtog'ingiz qanday edi? Nahotki yillar o'tib siz yoki turmush o'rtog'ingiz o'sha-o'sha bo'lib qolaverasizlar, deb o'ylasangiz? Yoki undan yomoni nega turmush o'rtog'im boshida bo'lgani kabi emas deb nolib yurgan bo'lsangiz?. Shuni bilingki, siz hatto ideal insonga turmushga chiqqan yoki o'ylangan bo'lsangiz ham turmushingizni baxtli qilish ustida ishlamasangiz baxtli bo'la olmaysiz.
O'ylanayotganda erkak shunchaki yigitdir. Keyin er bo'lib qoladi va onasining o'ylangan o'gli. Vaqt o'tib ota bo'ladi, keyin esa 2-3 karra ota. Shu tarzda uning ijtimoiy statusi o'zgarib boradi, bunga qo'shilib bu erkak ham, ichki dunyosi ham, dunyoqarashi va munosabatlari o'zgarib ketadi. Agar unga yigitligida bir narsa yoqqan bo'lsa, hozir u bunga umuman befarq bo'lib qolishi mumkin. Ota bo'lishidan oldin uni bir narsa oson g'azabini chiqargan bo'lsa, endi bu holat uni jilmaytirishi hech gap emas.
Turmush davomida erkak ham ayol ham butunlay o'zgarib borishi normal holat. Muhimi bu o'zgarish davomida er-xotin qayta-qayta munosabat quribshlaridir.
Turmushning boshida bir munosabatda bo'lishsa, ota-ona bo'lgach boshqa munosabatlar paydo bo'ladi. Erkak va ayol faqat bir-birini o'ylab yashagan bo'lsalar, endi ular orasida farzand ehtiyojlari ham inobatga olinadi, demakki bu yangi munosabat. Yangi ekan, uni ustida ishlash lozim.
Odatda esa er-xotin oilaviy tushunmovchiliklarda o'zini yoki bir-birini ayblaydilar. Aslida esa muammo yonimizdagi inson yomonligida yoki uning kamchiligida bo'lmaydi, muammo bizning o'zgargan munosabatimizda bo'ladi. Turmushdan oldin hamma bir-biriga zo'r bo'lib tuyuladi, yoqdimi, demak zo'r. Lekin bu degani unga turmushga chiqsak yoki o'ylansak turmushimiz ham zo'r bo'lmasligi ham mumkin, to'g'rimi? Zo'r yigit o'ta ma'suliyatsiz ota bo'lib chiqadi. Yoki aksincha, mehribon, muloyim qiz, turmushga chiqib zahar kelinga aylanib qoladi. Chunki inson katta bo'lgach, farzandli bo'lgach, boshqa ishga o'tgach va umuman atrofdagi holatlarning o'zgarishi natijasida qanday o'zgarishini o'zi ham bila olmaydi. Turmushning zo'rligi insonning yaxshi yoki yomonligiga bog'liq emas, uning kamchiligi bor-u yoqligiga ham. Turmushning zo'ri undagi zo'r munosabatlarga bog'liq.
Necha yoshda, qanday hol va statusda bo'lmasin, erkak va ayol turmushi chiroyli bo'lishi uchun hayot davomida bir-birini emas, o'z munosabatlarini yaxshilash borasida mehnat qilishi kerak.
Osongina ajrashib olib bundan zo'rini topaman deyishga shoshilmang. Bundan zo'ri bo'lmaydi. Zo'rini o'zimiz qilishimiz kerak.
Turmushingiz yoqmay qolyaptimi, mehnat qiling. Bo'shlik qilib qochmang yoki befarqlik bildirmang. Turmushni siz yaxshilamasangiz, u o'zi yaxshilanib qolmaydi.
Nimaga unday bo'lyapti?
Nima qilsam bo'ladi?
Nima qilay?
...kabi savollarni o'zingizga berib, ularga javob izlang, tashlab qo'ymang.
Izlaning, baxtli bo'lish yo'llari ko'p, muhimi munosabatlar ustida mehnat qilish kerak. Insonning baxti faqat o'zining qo'lida. Hech kim va hech narsa sizni baxtli qila olmaydi. Faqat o'zingiz buni ustida ishlasangiz, natijasini o'rasiz.
Umr davomida qanchalik turmushingiz baxtli bo'lishi ustida mehnat qilsangiz, uni baxtli bo'lishi uchun qayg'ursangiz, ajrashishga shoshilmay, o'ylab, o'lchab, sinchiklab turmushni yaxshi tomonga burish ustida ishlasangiz, yillar o'tib buning ijobiy natijasidan bahramand bo'la olasiz.
Категория: Jinsiy saboq | Добавил: sharmandaucoz (16.10.2018)
Просмотров: 159 | Теги: Jinsiy saboq | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar